Kecha 24 oktyabr kuni mamlakatimizning keyingi besh yillik rivojlanish yo‘lini belgilab beruvchi muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjaevning saylov yakuni bo‘yicha brifingda bergan ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘yicha saylovda ishtirok etganlar 16 million 36 ming 914 nafarni yoki jami saylovchilarning 80,8 foizini tashkil etdi. O‘zbekiston Respublikasining Yevropadagi ayrim davlatlar va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etayotganini inobatga olsak, bu raqamlar yana oshishini aytish mumkin.
– O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasida, saylov, agar unda saylovchilarning kamida 33 foizi ishtirok etgan bo‘lsa, haqiqiy deb hisoblanishi belgilangan. Demak, Saylov kodeksiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tgan va haqiqiy deb hisoblanadi, – dedi Z.Nizamxodjaev.
Saylov jarayonlarida yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotdan, ellikka yaqin davlatdan kelgan mingga yaqin xalqaro kuzatuvchilar, shuningdek Prezidentlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 64 ming 450 nafar mahalliy kuzatuvchi qatnashdi.
– Saylov jarayoni shaffoflik bilan o‘tdi, – dedi Farg‘ona shahridagi saylov uchastkalari faoliyati bilan yaqindan tanishgan xalqaro kuzatuvchi latviyalik Andris Spruds. – Saylovchilar o‘z burch va mas’uliyatini juda yaxshi biladi. Ular erkin, ixtiyoriy ravishda ovoz berdi. Saylov uchastkasi a’zolari, mahalliy kuzatuvchilar milliy Saylov kodeksi, xalqaro tamoyillarga muvofiq faoliyat ko‘rsatdi.
Saylov jarayonini tashkil etish va o‘tkazishda barcha darajadagi saylov komissiyalarining 143 mingga yaqin a’zolari qatnashdi. Mamlakatimizda jami 10 ming 761 ta saylov uchastkasi tuzildi. Toshkent shahridagi saylov uchastkalari soni 822 tani tashkil etdi.
- Prezident saylovini yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berildi, – dedi Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 617-saylov uchastkasi raisi Sanjar To‘raqulov. – Aholining saylovda faol ishtirokini ta’minlash maqsadida faol targ‘ibot ishlari olib borildi. Xonadonma-xonadon yurib, barcha saylovchilarga taklifnomalar tarqatildi. Buning natijasini saylov jarayoni ko‘rsatib beryapti. Uchastkamizda 1037 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning mingdan ortig‘i ovoz berishda qatnashdi. Saylovchilarning asosiy qismi yoshlardan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘tkazilgan saylovning dastlabki natijalari bugun soat 16:00 da e’lon qilinadi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas’ul kotibi
- Qo'shildi: 25.10.2021
- Ko'rishlar: 3565
- Chop etish