Xabar berilganidek, bugun, 23 iyun kuni Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik xalqaro forumi o'z ishini boshladi.
Xalqaro, parlamentlararo hamkorlik doirasida ilk marotaba o'tkazilayotgan ushbu Forumning ochilishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva o'z kirish so'zida barcha tadbir ishtirokchilarini samimiy qutladi.
Bugungi tadbir davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to'g'risida BMTning maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga oid tashabbusi doirasida o'tkazilmoqda, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – Mazkur tashabbus barchamizni yanada birdamlikka, belgilangan maqsadlarga erishish yo'lidagi ustuvor vazifalarni o'zaro hamkorlikda amalga oshirishga undaydi. Zero, bugun insoniyat globallashuv jarayonlari shiddatli tus olgan davrda yashamoqda. Taraqqiyot shiddati va yuzaga kelayotgan muammolar global darajada muvozanatlashgan va muvofiqlashtirilgan sa'y-harakatlarni taqozo etmoqda. Shu ma'noda, 2015 yilda dunyo millatlari yakdilligi asosida Barqaror rivojlanish maqsadlarining qabul qilingani yaqin istiqbolda insoniyat farovonligini ta'minlash yo'lidagi muhim qadam bo'ldi. Ushbu maqsadlar dunyo davlatlarining rivojlanish dasturlari va strategiyalarini muvofiqlashtirishga hamda bir oqimga yo'naltirishga xizmat qiluvchi global majburiyatdir. Bu orqali har bir mamlakat taraqqiyot yo'lining umuminsoniy rivojlanish maqsadlari bilan uyg'unligi ta'minlanadi.
Manba: senat.uz
- Qo'shildi: 23.06.2021
- Ko'rishlar: 3905
- Chop etish