18 iyun kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Parlamentlararo Ittifoq Vitse-prezidenti Akmal Saidov Qozog'iston Respublikasi Parlamenti Senatining Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari bo'yicha qo'mitasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etdi va so'zga chiqdi. Onlayn va oflayn shaklda bo'lib o'tgan ushbu anjuman “Qozog'istonda Ombudsman instituti: muammo va istiqbollar” mavzusiga bag'ishlandi.
Tadbirda Qozog'iston Prezidenti tashabbusi bilan “Qozog'iston Respublikasining Inson huquqlari bo'yicha vakili to'g'risida”gi qonunni qabul qilish orqali mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish masalasi ko'rib chiqildi. Muhokamalarda davlat organlari, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar, ilmiy jamoatchilik va fuqarolik jamiyati vakillari qatnashdi.
Qozog'iston Parlamenti Senati Matbuot xizmatining xabariga ko'ra, Qozog'iston Respublikasining Inson huquqlari bo'yicha vakili huzuridagi Ekspertlar kengashi taqdim etgan tegishli qonun loyihasi asosida qonunchilikka kiritilishi tavsiya etilgan yangiliklar milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan ijobiy baholangan. Loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan amaliy takliflar bildirilgan.
Qozog'iston Parlamenti Senatining Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi Muxtar Kul-Muxammedning so'zlariga qaraganda, ayni vaqtda “Qozog'iston Respublikasining Inson huquqlari bo'yicha vakili to'g'risida”gi qonun loyihasi yuzasidan huquqiy, lingvistik va antikorruptsiyaviy ekspertiza xulosalari olingan. Loyiha matni ko'rib chiqish uchun – Qozog'iston Hukumatiga yuborilgan va umumxalq muhokamasi uchun – Qozog'iston Parlamenti Senatining rasmiy saytiga joylashtirilgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.06.2021
- Ko'rishlar: 4203
- Chop etish