Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish jarayonlarida ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilar safida qozog‘istonlik olim – yuridik fanlar doktori, professor Marat Bashimov ham bor edi. Uning Nur-Sulton shahrida rus tilida har haftada nashr etiladigan “Inson va qonun” (“Человек и закон”) gazetasining 2021 yil 29 oktyabr sonidagi maqolasida ana shu saylov jarayonlaridan olgan taassurotlari haqida so‘z boradi.
Muallif o‘z maqolasini “O‘zbekiston Shavkat Mirziyoevni Prezident etib sayladi” (“Узбекистан избрал своим Президентом Шавката Мирзиеева”) deb nomlagan. Maqolada O‘zbekiston saylov tizimi va qonunchiligi, saylov komissiyalari va saylov uchastkalarining faoliyati, saylov jarayonlarining tashkil etilishi amaliyoti hamda ovoz berish natijalari bilan o‘zbek xalqining orzu-istagi hamda istiqbol rejalari nechog‘lik mushtarak ekani haqida atroflicha hikoya qilingan.
Shuningdek, M.Bashimov O‘zbekistondagi turli davlat va nodavlat tashkilotlari faoliyati bilan tanishgani haqida so‘z yuritgan. Xususan, qozog‘istonlik huquqshunosning fikricha, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi – O‘zbekistondagi shiddatli islohotlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan eng muhim davlat tashkilotlaridan biri, o‘ziga xos yirik “aql markazi”dir. Markaz inson huquqlarini himoya qilish, bu yo‘nalishda tahlil va ekspertiza ishlarini amalga oshirish, umuman, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini muhofaza qilish borasida keng faoliyat ko‘lamiga hamda katta amaliy tajribaga ega.
Muallif o‘zining o‘zbekistonlik hamkasbi – yuridik fanlar doktori, professor, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboev bilan uchrashuvini ham alohida tilga olgan. Qardosh xalq vakili maqolasi so‘ngida koronavirus pandemiyasi sabab bir muddat bir-birimizdan uzoqlashib qolganimizga qaramay, o‘zaro do‘stlik, hamkorlik va hamjihatlik xalqlarimizni doimo birlashtirib turishini e’tirof etgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.11.2021
- Ko'rishlar: 3464
- Chop etish