QIYNOQQA SOLISH OQIBATIDA ZARAR KO‘RGAN JABRLANUVCHI HUQUQLARINING HIMOYASI YO‘LIDA Shu haqdagi Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga havola etildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual va Fuqarolik kodekslariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandi ijrosi doirasida tayyorlandi.

 Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) joylashtirildi. Loyiha matni bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: https://regulation.gov.uz/oz/d/50457

Mazkur Qonun loyihasini qabul qilish zarurati quyidagilar bilan izohlanadi:

                   birinchidan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasining davriy hisobotlarini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha bergan tavsiyalari ijrosini ta’minlaydi;

               ikkinchidan, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishi hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishi ta’minlanadi;

               uchinchidan, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish ko‘plab xorijiy davlatlarning qonunchiligida ham yangi amaliyot bo‘lib, bu mamlakatning xalqaro imijiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;

               to‘rtinchidan, O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilib, milliy qonunchilikda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarning kompensatsiya to‘lovlarini olishi huquqini belgilash majburiyatini olgan;

               beshinchidan, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zarar faqatgina aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi zararning to‘la hajmda qoplanmasligiga ham sabab bo‘lishi mumkin, shu munosabat bilan, bunday zararni qoplash davlat tomonidan to‘la hajmda to‘lanishi juda muhim ahamiyatga ega.

Qonun loyihasining mazmuni quyidagilardan iborat:

  • Jinoyat protsessual kodeksning 275-moddasi qiynoqqa solish jinoyati natijasida jabrlanuvchiga yetkazilgan mulkiy va ma’naviy ziyonni qoplash to‘g‘risidagi da’volar jinoyat protsessida ko‘rilishi mumkinligini belgilovchi norma bilan to‘ldirilmoqda;
  • Fuqarolik kodeksining 991-moddasiga qiynoqqa solish jinoyati natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda to‘lanishini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda;
  • Fuqarolik kodeksining 1021-moddasidagi ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishi lozim bo‘lgan holatlarga qiynoqqa solish jinoyati natijasida yetkazilgan zararni ham kiritish taklif etilmoqda.

Qonun loyihasini qabul qilishdan kutilayotgan natijalar:

  • qiynoqqa solish oqibatida zarar ko‘rgan jabrlanuvchilarning huquqlarini yanada himoya qilish va tiklashga, ularga yetkazilgan moddiy, ma’naviy va boshqa zararlarning qoplanishiga omil bo‘ladi;
  • mamlakatning iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi o‘rniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish mexanizmini takomillashtiradi;
  • qiynoqqa solish natijasida yetkazilgan zararning kompensatsiya qilish manbai belgilanadi;
  • qiynoqqa solish natijasida yetkazilgan zararning davlat tomonidan kompensatsiya qilinishi huquqbuzarlikning jiddiyligi va yetkazilgan zarar bilan mutanosibligini ta’minlaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasining BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zosi sifatida BMT maxsus protseduralari bilan konstruktiv muloqotni davom ettirishiga xizmat qiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech