Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: soha mutaxassislari uchun o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

2021 yil 17 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslarining birinchi bosqichi o‘z ishini boshladi. Uch kunlik ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

O‘quv kurslarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov departamenti, Ichki ishlar Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, Bosh prokuratura Akademiyasi mas’ul xodimlari, professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmalari tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Mazkur mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandi doirasida tashkil etildi. Unda Milliy markaz, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuraturaga birgalikda 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va malakalarini oshirish maqsadida shunday o‘quv kurslarini tashkil etish vazifasi belgilangan.

O‘quv kurslarining 19 noyabrgacha davom etadigan birinchi bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan, Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentidan 401 kishi ishtirok etmoqda.

Keyingi bosqichda, ya’ni 24-26 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat olib boruvchi 408 nafar tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari, 15-17 dekabr kunlari jami 391 nafar xodim, jami 1200 nafar xodim ishtiroki kutilmoqda.

O‘quv kurslari BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hamda qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish sohasidagi tajribalarni hisobga olgan holda tashkil etilgan.

Mashg‘ulotlar tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining qiynoqqa solishga qarshi kurashish borasidagi xalqaro amaliyotdan xabardorligini, ayni sohadagi milliy tajriba va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishga mo‘ljallangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

 

 

Powered by GSpeech