Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2021 yilning o‘tgan 11 oyi mobaynida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablarining so‘zsiz bajarilishi monitoringi doirasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Murojaatlarning aksariyat qismi mazmunidan kelib chiqib, davlat organlari va muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati hamda huquqni muxofaza qilish idoralari tomonidan murojaatlarning muddatida, to‘liq va xolisona ko‘rib chiqilishini ta’minlashga qaratilgan faoliyatga alohida e’tibor qaratildi.
Milliy markazga murojaat qilgan Toshkent shahar, Olmazor tumanida yashovchi fuqaro N.Ahmedovning (fuqaro Z.D.Ahmedovaning ishonchli vakili) murojaatini o‘rganish davomida Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasining 2021 yil 15 iyuldagi buyrug‘i bilan Olmazor tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 146-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Z.Ahmedova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi, bunga asos sifatida Xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashining xati ham ko‘rsatilgani aniqlandi.
O‘rganishda mahalliy Kengash bu borada qaror qabul qilishda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasida ko‘rsatilgan vakolatlari doirasidan chetga chiqqanligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan soxalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 11-bandi talablari boshqacha talqin qilinganligi ma’lum bo‘ldi.
Shu sababli hamda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun talablaridan kelib chiqib, Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining ushbu qarorini ko‘rib chiqish to‘g‘risida joriy yilning 1 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga tavsiya xati kiritildi.
Xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashining 2021 yil 28 maydagi 248/2-34-sonli qarori xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 16.11.2021 yil 16 noyabrdagi VI-50-124-14-0-K/21-sonli qarori bilan bekor qilinganligi Senat tomonidan ma’lum qilindi.
Shu tariqa,fuqaro Z.Ahmedovaning huquqlari buzilishiga olib kelgan mahalliy Kengashning noqonuniy qarori bekor qilindi va adolat tantana qildi. Bir so‘z bilan aytganda, qonun ustuvorligi ta’minlandi.
Otabek Norboev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 06.12.2021
- Ko'rishlar: 3538
- Chop etish