Registondagi madrasalar yangi ekspozitsiyalar bilan boyitildi
YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi munosabati bilan Samarqand shahar Registon majmuasidagi Mirzo Ulug‘bek va Tillakori madrasalarida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi muzey ekspozitsiyalarini yangilash hamda ichki qismlarini restavratsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yakuniga yetdi.
—Yangilangan ekspozitsiyalar Samarqand va temuriylar davrining tarixiy-madaniy merosini zamonaviy asosda talqin etib, o‘sha davrda Samarqand ilm-fan, ta’lim va san’atning yirik markazlaridan biri bo‘lganini ko‘rsatadi, —deydi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.


—Jumladan, Mirzo Ulug‘bek madrasasi ekspozitsiyasi Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ali Qushchi kabi allomalarning 50 dan ortiq noyob qo‘lyozmalari, XV asrning buyuk astronomi va ma’rifatparvari Mirzo Ulug‘bek faoliyatini yorituvchi ilmiy asbob-uskunalar va tarixiy materiallar bilan boyitildi. Tillakori madrasasidagi ko‘rgazma esa Registon ansamblining shakllanish tarixi va uning me’moriy go‘zalligini ochib beradi. Ekspozitsiya raqamli rekonstruksiyalar va interaktiv elementlar bilan boyitilib, tomoshabinga tarixni yanada jonli his etish imkonini yaratadi.


Eksponatlarning aksariyati fransuz va o‘zbekistonlik restavratorlar hamkorligida qayta tiklangan. Ya’ni yangilangan muzey makonining dizayni fransuzlarning Wilmotte & Associés me’moriy byurosi tomonidan ishlab chiqilib, Sharq an’analarining betakror ruhi zamonaviy muzeyshunoslik talablariga uyg‘un tarzda mujassam etilgan.
Ayni kunlarda mazkur maskanlar YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasi ishtirokchilari va mehmonlar bilan gavjum.


G‘. Hasanov, O‘zA muxbiri
Ўзбекча
English
Русский