Joriy yilning 24 oktyabr kuni mamlakatimizda muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni qizg‘in pallaga kirib bormoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali ham saylovoldi va saylov jarayonlarini yoritib borish, aholiga saylov to‘g‘risidagi dolzarb, ishonchli va haqqoniy ma’lumotlarni yetkazishda faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, jurnalning joriy yildagi 3-soni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlandi. Jurnal sahifalaridan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jaevning “Prezident saylovi: demokratik islohotlarning mantiqiy davomi”, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston saylov qonunchiligi taraqqiyotining asosiy bosqichlari”, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitovning “Prezident saylovi – hammamiz uchun g‘oyat katta mas’uliyat va jiddiy sinovdir”, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirovning “Milliy qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimovning “Adolat – hayotimizning bosh mezoni”, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodovning “Qonun ustuvorligi – demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir”, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatovning “Saylovga yangicha strategiya bilan kirib bormoqdamiz”, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzoning “So‘z erkinligi va saylov huquqi – xalqaro andozalar o‘lchamida” kabi dolzarb maqolalari o‘rin oldi.
Jurnalning ushbu soni mamlakatimizning turli hududlaridagi barcha obunachilarga yetkazib berildi.
Shuningdek, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati xodimlari A.Ramazonov, H.Mo‘minov, M.Hasanova hamda L.Xoliqulov saylov jarayonlarini yoritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etib, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berishga chaqiramiz. Zero, Prezident saylovi – kelajak tanlovi demakdir.
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyati
- Qo'shildi: 21.10.2021
- Ko'rishlar: 3391
- Chop etish