Saylov ma'lum bekat emas — Akmal Saidov

Avval xabar berganimizdek, Guliston shahrida «Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: O'zbekiston va xorij mamlakatlar tajribasi» mavzusida onlayn va oflayn shaklda xalqaro konferentsiya bo'lib o'tmoqda.

Konferentsiya xalqaro sheriklar - Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti (YEXHT), Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) ko'magida bo'lib o'tmoqda.

Ma'lum qilinishicha ushbu anjuman ishtirokchilari mamlakatimiz va dunyoning 30 yaqin nuqtalarida turib onlayn qatnashmoqda.

Vashington shahridan turib anjumanda qatnashayotgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov kirish so'zi bilan ochdi. U O'zbekistonning saylov qonunchiligida so'nggi yillarda amalga oshirilgan o'zgarishlar haqida gapirar ekan, mamlakatimizning saylov tajribasini jahon hamjamiyati bilan o'rtoqlashish xohishi asosiy maqsadlardan biri dedi.

Akmal Saidov shuningdek, saylov, bu ma'lum bir bekat emas, balki doimiy harakatdagi, takomillashib boradigan jarayon dedi.

BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska ushbu Prezident saylovidan oldin o'tkazilayotgan mazkur konferentsiya ham O'zbekistonda 2016 yilda boshlangan islohotlar va yangilanishlarning amaliy namunasi bo'ldi deb e'tirof etdi.

Konferentsiyada saylovlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari va saylov qonunchiligi rivojlanish tendentsiyalarini ilmiy tahlil qilish, shuningdek, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan tajriba va fikr almashinadi. Shuningdek, O'zbekistonda so'nggi yillarda saylov me'yorlarini tizimli va izchil demokratlashtirish va liberallashtirish bo'yicha erishilgan natijalar, shuningdek, jamiyat va davlat hayoti, chinakam demokratiya, adolatli saylovlarni tashkil etish va o'tkazishda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash bo'yicha yaratilgan shart-sharoitlar to'g'risida xalqaro jamoatchilik va ekspertlarni xabardor qilish mazkur anjumanning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Xalqaro konferentsiya ishida parlament, sud tizimi, Markaziy saylov komissiyasi, mamlakatning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va Inson huquqlari bo'yicha Byurosi (YEXHT DIIHB, shuningdek, Toshkentdagi diplomatik korpus vakillari qatnashadilar.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Parlamentlararo Ittifoq, Rossiya va Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotlar markazi vakili, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va Inson huquqlari bo'yicha Byurosi (YEXHT DIIHB) hamda Qirg'iziston Respublikasi Taraqqiyot siyosati instituti, J. Neru universiteti (Hindiston) vakillari ma'ruzalari bilan chiqish qiladilar.

Yakunda O'zbekistonning saylov siyosati va qonunchiligini takomillashtirishga oid tavsiyalardan iborat Guliston hujjatini qabul qilish nazarda tutilgan.

Ahmadali SHERNAZAROV
«Xalq so'zi»

Powered by GSpeech