Saylov qonunchiligidagi yangiliklar bo'yicha seminar o'tkazildi

23 fevralda O'zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari uchun 2021 yil 8 fevralda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag'ishlangan videokonferentsaloqa shaklida seminar o'tkazildi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari F.Arziev moderatorlik qildi, deyiladi elections.uz sayti xabarida. Tadbir ishtirokchilarining savollariga soha mutaxassislari tomonidan tegishli javoblar berildi.

Jeneva shahridan onlayn tarzda ishtirok etgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov o'z nutqida mazkur qonun bilan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga saylovlarni o'tkazish bilan bog'liq muddatni dekabr` oyidan oktyabr` oyiga ko'chirish haqidagi o'zgartirishning ahamiyati va unga asos bo'lgan omillar haqida so'z yuritdi. Shuningdek, saylovlarni tashkil etishda mamlakatimizning xorijdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalari oldida turgan ustuvor vazifalar, jumladan, saylov qonunchiligidagi yangiliklar mazmun-mohiyati va ahamiyatini xorijdagi vatandoshlarimizga hamda xalqaro hamjamiyatga yetkazish xususida to'xtaldi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi o'rinbosari B.Kuchkarov yangi qonunga binoan mamlakatimizda saylov komissiyalarini tashkil etish, ularni o'zlariga xos bo'lmagan majburiyatlardan holi qilish, saylov jarayonini moliyalashtirish bosqichlarini yanada shaffoflashtirish hamda siyosiy partiyalar faoliyatining ochiq-oshkoraligi va hisobdorligini ta'minlashga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar haqida ma'lumot berdi.

Markaziy saylov komissiyasi kotibi X.Mamatov saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartirishlarga asosan xorijiy mamlakatlarda vaqtincha va doimiy yashab turgan O'zbekiston fuqarolarining saylov huquqini erkin amalga oshirishlari uchun, xususan, saylovchilar ro'yxatiga kiritishda elektron vositalar orqali murojaat qilishlari, xorijdagi vatandoshlarimiz qaysi hududda bo'lishidan qat'i nazar, ko'chma saylov qutilari orqali ular zich yashaydigan joylarda muddatidan oldin ovoz berish huquqlarini ta'minlash bo'yicha yaratilgan qo'shimcha imkoniyatlar, qulayliklar haqida batafsil axborot taqdim etdi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech