“Sharof Rashidov – davr insoni”

25 iyun kuni Jizzax shahrida shu mavzuda xalqaro, fanlararo ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tdi. Anjuman “Sharof Rashidov ilmiy-ma'rifiy memorial uy-muzeyi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'larini boshqarish bo'yicha Parlament komissiyasi ko'magida tashkil etildi.

Onlayn va oflayn tarzda o'tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya ishtirokchilarini akademik Akmal Saidov qutladi va anjuman ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Ushbu ilmiy-amaliy konferentsiyani o'tkazishdan maqsad – atoqli davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov ma'naviy merosini uning faoliyati bilan bog'liq holda, dolzarb uslubiy yondashuvlar, teran tahlil va talqinlar negizida har tomonlama ilmiy mushohada ko'zgusidan o'tkazish hamda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotida bu borada xolis yondashuvni shakllantirishdan iborat.

Shuningdek, O'zbekiston tarixining 1950-1980-yillarni qamragan davri haqida yangicha tadqiqotlarning yo'nalish va shakllari bo'yicha izlanishlar olib borish hamda ayni mavzudagi bilimlarni ommalashtirish masalalari ko'zda tutilgan.

 

 

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech