1 iyul kuni Guliston shahrida «Prezident saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: O'zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi» mavzusida onlayn va oflayn shakllarda xalqaro konferentsiya o'tkaziladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mazkur anjuman O'zbekiston Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston milliy markazi, Barqaror rivojlanish markazi tomonidan Sirdaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Anjuman xalqaro sheriklar - Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti, Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi ko'magida bo'lib o'tadi.
Konferentsiyaning maqsadlari saylovlarning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari va saylov qonunchiligi rivojlanish tendentsiyalarini ilmiy tahlil qilish, shuningdek, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan tajriba va fikr almashishdan iborat.
Bundan tashqari, O'zbekistonda so'nggi yillarda saylov me'yorlarini tizimli va izchil demokratlashtirish va liberallashtirish bo'yicha erishilgan natijalar, jamiyat va davlat hayoti, chinakam demokratiya, adolatli saylovlarni tashkil etish va o'tkazishda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta'minlash bo'yicha yaratilgan shart-sharoitlar to'g'risida xalqaro jamoatchilik va ekspertlar xabardor qilinadi.
Xalqaro konferentsiya ishida parlament, sud tizimi, Markaziy saylov komissiyasi, mamlakatning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi,
Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va Inson huquqlari bo'yicha byurosi, Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi, shuningdek, Toshkentdagi diplomatiya korpusi vakillari qatnashadilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Demokratik institutlar va Inson huquqlari bo'yicha byurosi, shuningdek, Qirg'iziston Taraqqiyot siyosati instituti, Rossiya va Markaziy Osiyo bo'yicha tadqiqotlar markazi, Javoharlal Neru universiteti (Hindiston) vakillari ma'ruza bilan ishtirok etishi nazarda tutilgan.
Konferentsiya ishi quyidagi uchta sessiyaga taqsimlangan:
1-sessiya. Fuqarolarning saylov huquqlari va siyosiy partiyalarning prezident saylovida ishtirokini ta'minlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: O'zbekiston tajribasi.
2-sessiya: Fuqarolar saylov huquqlari ta'minlanishining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari: xalqaro va xorijiy mamlakatlar tajribasi.
3-sessiya: Zamonaviy sharoitda O'zbekiston saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish.
Anjumanda, shuningdek, “Saylovlarda siyosiy partiyalarning ishtiroki: O'zbekiston tajribasi”, “Saylov jarayonining inklyuzivligi va ochiqligini ta'minlashda fuqarolik jamiyati guruhlarining ahamiyati”, “Universal va mintaqaviy hujjatlarda qayd qilingan saylov huquqining xalqaro standartlari hamda saylovda xalqaro kuzatuv: tamoyillar va standartlar” kabi mavzular muhokama qilinadi.
Xalqaro konferentsiya yakunida O'zbekistonning saylov siyosati va qonunchiligini takomillashtirishga oid tavsiyalardan iborat Guliston hujjatini qabul qilish nazarda tutilgan.
Manba: "Dunyo" AA
- Qo'shildi: 30.06.2021
- Ko'rishlar: 4027
- Chop etish