Spiker N. Ismoilov M.Sederfelt boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi

2021 yil 26 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Yevropada xavfsizlik hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi raisi Margareta Sederfelt boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Muloqot avvalida N. Ismoilov Margareta Sederfeltni Parlament Assambleyasi raisi lavozimiga saylangani bilan samimiy qutlab, unga muvaffaqiyat tiladi.

Yuqori martabali mehmonlarga bugungi kunda mamlakat hayotining barcha jabhasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati xususida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekiston YeXHT bilan Markaziy Osiyoda xavfsizlik, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish, tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash kabi masalalar bo‘yicha hamkorlik aloqalarini olib bormoqda.

O‘z navbatida, Margareta Sederfelt samimiy uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash, doimiy ravishda muloqot olib borish muhimligi, bu boshqa yo‘nalishlardagi hamkorlikning rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Suhbat davomida yurtimizda bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari yuqori saviyada tashkil etilgani, aholining siyosiy madaniyati yuksalib borayotgani, xususan, ilk bor ovoz berayotgan yoshlarning faolligi kuzatilgani ta’kidlab o‘tildi. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan saylovchilarga yaratilayotgan sharoitlar e’tiborga molik ekani qayd etildi.

Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan muloqotda Oliy Majlisning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi bilan aloqalarini yanada mustahkamlash, buning uchun mushtarak maqsadlar yo‘lidagi kuch-g‘ayratni birlashtirish masalalari muhokama etildi.

Manba:  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

 

Powered by GSpeech