Muqaddam xabar qilganimizdek, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning 2020 yil 29 dekabr` kuni Oliy Majlisga va O'zbekiston xalqiga yo'llagan murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida jamoatchilik vakillari bilan birgalikda muntazam ravishda jazoni o'tash muassasalariga “monitoring tashriflari” o'tkazish rejalashtirilgan.
Shunday monitoringlarning biri joriy yilning 4 mart kuni Toshkent viloyatida joylashgan 24-sonli tarbiya koloniyasida o'tkazildi.
Mazkur tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili hamda Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman) huzuridagi qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo'yicha jamoatchilik guruhi, Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo'yicha komissiya a'zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tashkil etildi.
Ushbu muassasa voyaga yetmagan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan bo'lib, monitoring jarayonida dastlab qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon so'zlashuv xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.
Tadbir ishtirokchilari yangi ta'mirdan chiqqan uchrashuv xonalarni ko'zdan kechirar ekan, maishiy-yashash sharoitlari belgilangan standartlarga, sanitariya-gigiena qoidalariga mosligiga alohida e'tibor qaratishdi.
Monitoring davomida, oshxonada voyaga yetmagan mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni kuzatildi hamda oziq-ovqat ta'minoti sifat va me'yorlariga amal qilinishi ahvoli ko'zdan kechirildi.
Tibbiyot bo'limi va voyaga yetmagan mahkumlarga tibbiy xizmat ko'rsatish holati bilan tanishish davomida koronavirus infektsiyasi bilan zararlanish xavfi hali hamon saqlanib qolinayotgani sababli, ajratilishi zarur bo'lgan dori-darmonlar ta'minoti va ularning Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo'yicha tavsiya qilingan protokollarga mosligi tekshirildi.
Qonun hujjatlari talablariga ko'ra, muassasa ma'muriyati mahkumlarga ta'lim olishi, kasbga o'rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berishi kerak. Shu nuqtai nazardan, voyaga yetmagan mahkumlar uchun o'qishni tashkil etish jarayoni, kutubxona, sport maydonchalari va boshqalar ob'ektlar o'rganildi.
Bu yo'nalishdagi ishlar davom ettiriladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
- Qo'shildi: 05.03.2021
- Ko'rishlar: 4326
- Chop etish