Surxondaryoning salohiyatini yanada to‘liq ishga solish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 dekabr kuni Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yaratilgan shart-sharoitlar va berilgan imtiyozlar hisobiga so‘nggi sakkiz yilda viloyatga 3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan, 4 mingta sanoat korxonasi ishga tushirilgan. Sanoat hajmi ikki barobarga oshib, joriy yilda 17,2 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda. Charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari va farmatsevtika kabi yangi tarmoqlar shakllangan.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham yaxshi natijalarga erishildi. Joriy yilda 126 ming oila kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 9,3 foizdan 5,6 foizgacha pasayishi kutilmoqda. “To‘palang” suv omboridan quvur tortish orqali Sherobod, Boysun, Bandixon, Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Jarqo‘rg‘on va Denov tumanlarida yashovchi 2 million aholining ichimlik suv muammosi to‘liq hal etilgan.

Shunga qaramay, boy tabiiy resurslari va yetarli infratuzilmasi bo‘la turib, Surxondaryo viloyati sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar va turizm sohalarida qator hududlardan ortda qolayotgani qayd etildi. Xususan, viloyatda sanoat ishlab chiqarish hajmi Sirdaryo viloyatiga nisbatan 1,5 karra, Jizzax viloyatidan 1,8 barobar va Xorazm viloyatidan 2 barobar kam.

Meva-sabzavot eksporti ham Samarqand, Toshkent viloyati, Farg‘ona va Xorazm ko‘rsatkichlaridan past. Viloyatdagi qazilma boyliklar 600 milliard dollarga baholangani, biroq bu salohiyatning hatto 10 foizi ham ishga solinmagani qayd etildi.

Shu munosabat bilan viloyatni investitsiya, ish o‘rni, aholi daromadi va eksport sur’atlari eng tez o‘sadigan hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda kelgusi yilda viloyatda aniqlangan 114 ta qazilma konlari zaxirasi asosida yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Kelgusi yilda ushbu konlarda 3,2 milliard dollarlik 91 ta loyihani boshlash, shundan 2 milliard dollarlik qismini ishga tushirish rejalari belgilandi.

Shuningdek, drayver loyihalar infratuzilmasiga 175 milliard so‘m ajratiladi, buning hisobiga 1 trillion 200 milliard so‘mlik 36 ta loyiha amalga oshirilib, 9 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Turizm sohasi muhokama qilinar ekan, viloyatda atigi 47 ta mehmonxona faoliyat yuritayotgani, 4 va 5 yulduzli yoki brend mehmonxonalar mavjud emasligi qayd etildi. Boysun, Sangardak va Omonxona kabi yuqori turistik salohiyatga ega hududlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, yangi turizm yo‘nalishlari va ob’ektlarini tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot ishlab chiqarishning 60 foizi Denov, Sherobod, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Muzrabot va Sariosiyo tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi. Kelgusi yilda Angor, Qiziriq, Termiz, Uzun hamda ixtisoslashgan boshqa tumanlarda ham eksportni ko‘paytirish bo‘yicha aniq loyihalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Surxondaryo viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha rejalarini taqdimot qildi.

Davlatimiz rahbari hududda yo‘llarni ta’mirlash, uy-joy qurish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berdi.

O‘zA

Powered by GSpeech