Toshkent shahar yuridik texnikumi o'quvchilari uchun mahorat darsi o'tkazildi

2 aprel kuni Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazida O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Toshkent shahar yuridik texnikumi o'quvchilari uchun “Inson huquq va erkinliklari” mavzuda mahorat darsi tashkil qilindi. Master-klassda 40 dan ziyod o'quvchi ishtirok etdi.

Markazning Inson huquqlari sohasidagi ta'lim va ma'rifat hamda Axborot-resurs mul`timedia bo'limi tomonidan o'tkazilgan mazkur mahorat darsi o'quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan. Shuningdek, yoshlarning bu boradagi nazariy bilimlarini amaliy ko'nikmalar bilan mustahkamlash hamda o'qitilayotgan maxsus fanlardan olgan saboqlarini yanada chuqur o'zlashtirishlariga ko'maklashish maqsadini ko'zda tutadi.

Mahorat darsi mobaynida ishtirokchilar inson huquq va erkinliklarining kafolatlari, ijtimoiy va huquqiy mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi. O'quvchilarni qiziqtirgan savollarga aniq va batafsil javoblar berildi.

Dars so'ngida Toshkent shahar yuridik texnikumi o'quvchilari va o'qituvchilariga Milliy markaz tomonidan chop etilgan kitoblar jamlanmasi taqdim etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech