Toshkent shahrida yana bir “Oila va xotin-qizlar maskani” ish boshladi

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasida “Oila va xotin-qizlar maskani” o‘z faoliyatini boshladi.

Mas’ullarning qayd etishicha, ezgu maqsadlar yo‘lida oilalarning totuvligini ta’minlash, ularning muammo va kamchiliklarini o‘rganish hamda tinchlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bu maskan hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlar uchun oilaviy hayotga tayyorgarlik ko‘rish, zarur bilim va ko‘nikmalarni egallashda muhim dargohga aylanadi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, “Oila va xotin-qizlar maskani”da har kuni turli yo‘nalishlarda amaliy mashg‘ulotlar, treninglar va maslahat uchrashuvlari  reja asosida o‘tkaziladi.

Jumladan, seshanba – onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish bo‘yicha mashg‘ulotlar hamda shifokorlar qabulida maslahatlar kuni, chorshanba – xotin-qizlarni daromad topishga o‘rgatish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, bandlik masalalari bo‘yicha trening va maslahatlar kuni etib belgilandi.

Shuningdek, payshanba – tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, oilada sog‘lom muhitni yaratish bo‘yicha treninglar hamda jabrlangan fuqarolarni qabul qilish, juma – oilani mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish, nizoli vaziyatlarni hal etish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari va muammoli oilalarni qabul qilish hamda shanba – nikohlanayotgan yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashga qaratilgan maxsus o‘quv mashg‘ulotlari kuni hisoblanadi.

Mazkur maskan faoliyati orqali har bir oila farovonligi, jamiyatda ayollar faolligini oshirish va sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish yo‘lida yangi imkoniyatlar yaratiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA

Powered by GSpeech