Toshkentda ko‘zi ojizlar ishtirokida xalqaro sammit o‘tkazildi (+video)

1932 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati (O‘zKOJ) ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy a’zoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi. Jamiyat ko‘zi ojiz fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, reabilitatsiya qilish, ijtimoiy integratsiyalash, teng huquqlilik hamda teng hayot imkoniyatlarini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida respublika miqyosidagi jamoat birlashmasi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan ham samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasi hamda Butunjahon ko‘zi ojizlar uyushmasining a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, Rossiya, Belarus, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Kuvayt, Pokiston va Hindiston davlatlarida faoliyat yuritayotgan ko‘zi ojizlar jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik aloqalari olib borilmoqda.

Shu maqsadda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat yuritayotgan ko‘zi ojizlar jamoat birlashmalari vakillari ishtirokida “Yangi davrda, yangi Markaziy Osiyoda – birdammiz!” shiori ostida mintaqaviy sammit bo‘lib o‘tdi.

Sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston NNTlar Milliy assotsiatsiyasi, Osiyo ko‘zi ojizlar uyushmasi a’zolari, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarida faoliyat yuritayotgan ko‘zi ojizlar jamoat birlashmalari vakillari ishtirok etdi.

Sammit doirasida jamoat birlashmalari rahbarlari o‘rtasida keng ko‘lamli muloqotlar, ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Ko‘zi ojiz fuqarolarning ijtimoiy himoyasi, reabilitatsiyasi, sohada davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan seminarlar hamda davra suhbatlari o‘tkazildi.

O‘zKOJ Markaziy boshqaruvi mezbonligida o‘tkazilgan mazkur tadbirlar Osiyo va Markaziy Osiyo mintaqasida yashovchi ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning integratsiyasini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasiz. Shuningdek, jamoat birlashmalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish, doimiy muloqot platformasini yaratish, xalqlar o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Nigora Rahmonova,

Oybek Davronov (video),

Ulug‘bek To‘xtayev (montaj), O‘zA

Powered by GSpeech