TOSHKЕNT, 14-dekabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Toshkentda “Zamonaviy konstitutsiyaviylik: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz (IHMM), Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishning zamonaviy tendensiyalari, dunyoning turli mamlakatlari, jamiyat va davlat taraqqiyotining mukammal voqeliklari, Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, IHMM direktori Akmal Saidov, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska va boshqa ilmiy-tahliliy markazlari va xalqaro tashkilotlari vakillarining ma’ruzalari tinglandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, IHMM direktori Akmal Saidov:
– Jahon amaliyoti ko‘rsatganidek, tub o‘zgarishlar davrida ko‘plab davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirildi. Shu bois senator va deputatlar, keng jamoatchilik, xalqimiz bilan yana bir bor maslahatlashib, konstitutsiyaviy qurilishning jahon tajribasini o‘rgangan holda, mamlakatimizning bugungi va istiqbolli taraqqiyotini belgilab beruvchi Asosiy qonunni takomillashtirish masalasini puxta o‘ylab ko‘rishimiz zarur.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Sharlotta Adrian:
– Boshqaruv modeli qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, Konstitutsiyada qonun ustuvorligi, inson huquqlari, fikr plyuralizmi kabi daxlsiz tamoyillar o‘z ifodasini topishi kerak. Har bir davlat o‘zining Asosiy qonuniga qanday o‘zgartirishlar kiritishni o‘zi hal qiladi.
BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovska:
– Konstitutsiya davlat taraqqiyoti va imijiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. To‘g‘ri ishlab chiqilgan konstitutsiya demokratik taraqqiyotni ta’minlaydi. Konstitutsiyalarga vaqti-vaqti bilan o‘zgartirishlar kiritilishi kerak. Konstitutsiyani yangilash jarayoni shaffof va inklyuziv bo‘lishi kerak. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini ishlab chiqishda fuqarolarning ishtirokini ta’minlashning yangi shakllari zarur.
Huquqshunos Uilyam Elliot Batler (AQSH):
- Agar davlat ko‘p tilli bo‘lsa, Konstitutsiya matni ham ushbu tillarning barchasida bo‘lishi kerak. Shu bilan birga, to‘g‘ri huquqiy tarjimani taqdim etish va asl nusxani buzib ko‘rsatmasdan, to‘g‘ri yetkazish muhim ahamiyatga ega.
- Qo'shildi: 15.12.2021
- Ko'rishlar: 3431
- Chop etish