Turkiya sudi erning o‘zga ayollar fotosuratiga layk bosishini ajrashish uchun asos deb topdi

Er-xotinlar ijtimoiy tarmoqlarda kimgadir layk bosishdan oldin endi ikki marta o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Turkiyada Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning apellyatsiya palatasi ijtimoiy tarmoqlarda o‘zga ayollarning fotosuratlari ostiga «layk» bosish nikohga putur yetkazuvchi xatti-harakat sifatida baholanishi va ajrashish uchun asos bo‘lishi mumkinligini tan oldi, deb yozdi Habertürk.

Dastlabki sud jarayoni Qaysari shahrida bo‘lib o‘tdi. Xotin sudga murojaat qilib, erining boshqa ayollarning suratlariga layk bosgani va o‘zini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamaganidan shikoyat qildi. Xotin eridan 5 ming turk lirasi miqdorida aliment, 500 ming turk lirasi miqdorida moddiy zararni undirishni talab qildi. Er o‘z navbatida xotinini otasini haqorat qilganlikda va o‘ta rashkchi ekanida ayblab, 500 ming turk lirasi miqdorida moddiy zararni undirishni so‘radi.

Birinchi instansiya sudi nikohning barbod bo‘lishida erkakni «og‘ir aybdor» deb topdi. Shuningdek, xotiniga 40 ming turk lirasi miqdorida moddiy kompensatsiya, shuncha miqdorda ma’naviy kompensatsiya va 750 turk lirasi miqdorida aliment to‘lashga buyurdi.

Er sud qaroridan norozi bo‘lib, yuqori instansiyaga shikoyat qildi. Apellyatsiya instansiyasi baribir ayolning haq ekanini tasdiqladi, ammo kompensatsiyalar miqdorini 30 ming turk lirasiga kamaytirdi. Biroq, aliment miqdori 1 ming turk lirasiga oshirildi.

Sudning ta’kidlashicha, layk bosish o‘z-o‘zidan xiyonat bo‘lmasa ham, nikohdagi ishonchga putur yetkazishi mumkin. Shunday qilib, er-xotinning «raqamli» xulq-atvori huquqiy ahamiyatga ega omilga aylandi.

Ta’kidlanishicha, sudning bu qarori sezilarli pretsedentni shakllantiradi: Turkiya sudlari ijtimoiy tarmoqlardagi xatti-harakatlar - layklar, izohlar va onlayn o‘zaro munosabatlarni er-xotin sadoqatini baholashga ta’sir qiluvchi holatlar sifatida tobora ko‘proq e’tiborga olmoqda.

Bu nafaqat nikohdan ajralishda aybdorlikni tan olishga, balki jiddiy moddiy oqibatlarga, kompensatsiya va muntazam ravishda aliment to‘lashga ham olib kelishi mumkin.

Kun.uz

Powered by GSpeech