2021 yil 24 iyun kuni Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik” Xalqaro forumi o'z ishini davom ettirdi.
Forum ishtirokchilari sessiyalar doirasida guruhlarga bo'linib, mavzuga oid dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Xususan, 6-sessiya ishtirokchilari BRMni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilikning ishtiroki masalasini ko'rib chiqdilar.
Sessiyani O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi SH.Bafaev, BMT Bolalar jamg'armasining (YUNISEF) O'zbekistonda rahbari M.Mammedzoda olib bordi.
O'zbekistondagi barcha islohotlarning asosi “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslanadi, bu BRMning “Hech kim e'tibordan chetda qolmaydi” degan asosiy tamoyili bilan chambarchas bog'liqdir.
Fuqarolik jamiyati ijtimoiy munosabatlar rivojlanishining ajralmas qismi va davlatda demokratiya, qonun ustuvorligi va shaxs erkinligining eng muhim kafolatidir.
BRM qabul qilinganidan buyon O'zbekiston inson huquqlarini himoya qilishning qonuniy va amaliy mexanizmlarini takomillashtirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash va sud-huquq tizimini isloh qilish borasida katta yutuqlarga erishdi. Mamlakatda Prezidentni Xalq qabulxonalari tizimi tashkil etildi, ma'muriy islohotlar davom ettirilmoqda, elektron hukumat takomillashtirilmoqda, OAV va blogerlarning mustaqilligini ta'minlash bo'yicha islohotlar amalga oshirilmoqda.
Sessiya davomida ishtirokchilar milliy BRMni samarali amalga oshirishda parlamentning fuqarolik jamiyati bilan o'zaro hamkorligi, BRMni amalga oshirishda milliy darajada fuqarolik jamiyatining inklyuziv ishtiroki va boshqa masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, “Ixtiyoriy milliy sharhlar: olingan saboqlar va ilg'or amaliyot”, “Ispaniya qonunchiligi va Yevropaning fuqarolik tashabbuslari: parlament demokratiyasini to'ldiruvchi to'g'ridan-to'g'ri demokratiyaning ikki yo'li”, “Fuqarolik jamiyatini mustahkamlash rivojlanish maqsadidagi xalqaro hamkorlikda asosiy rol`” mavzularida taqdimotlar o'tkazildi.
Manba: senat.uz
- Qo'shildi: 24.06.2021
- Ko'rishlar: 3825
- Chop etish