BRYuSSEL, 2 fevral /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi delegatsiya Yevropa parlamenti vitse-prezidenti Xeydi Xautala bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida o‘zaro manfaatli bo‘lgan sohalardagi parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar jarayonini jadallashtirish, shuningdek, mintaqalararo aloqalarni kengaytirish orqali munosabatlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Xeydi Xautala Yevropa va Markaziy Osiyo Afg‘onistondagi bugungi vaziyat, xalqaro diniy aqidaparastlik va terrorizm, moliyaviy beqarorlik tahdidi tobora kuchayib borayotgani bilan bog‘liq murakkab davrni boshidan kechirayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi kabi tahdidlarga qarshi kurashda hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, oddiy insonlar o‘rtasidagi rishtalarni kengaytirishdan manfaatdor. “Bugungi kun tartibi biz mustahkamlashimiz kerak bo‘lgan hamkorlik ko‘lamini ifodalamoqda. Shu bilan birga, istiqboldagi ishlar ko‘lamini ham ko‘rsatmoqda”, - dedi Yevropa parlamenti vitse-prezidenti.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohalaridagi islohotlar haqida ma’lumot taqdim etildi.
Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining mazmun-mog‘iyati haqida so‘zlab berildi.
Tomonlar Yevropa parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovini kuzatish bo‘yicha samarali ish olib borganini qayd etdi.
Muloqot chog‘ida, shuningdek, turli darajadagi va shakllardagi bo‘lajak tadbirlar jadvali yuzasidan ham fikr almashildi.
- Qo'shildi: 02.02.2022
- Ko'rishlar: 2781
- Chop etish