Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha submintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi Zeynal Gadjievdan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori nomiga minnatdorchilik maktubi keldi.
Ma'lumki, Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha cubmintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi, missiya rahbari Zeynal Gadjiev 2021 yil 15-19 mart kunlari mamlakatimizga tashrif buyurgandi. Ushbu tashrif doirasida martabali mehmon 15 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva va Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direkktori Akmal Saidov bilan uchrashdi.
O'zaro muloqotda O'zbekistonda aholi bandligini ta'minlash, munosib ish joylari va mehnat sharoitlarini yaratish, tashqi migratsiya borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Xususan, fuqarolarimizni chet davlatlarda huquqlari va manfaatlari, munosib ish bilan ta'minlanishi, odam savdosi qurbonlarini yurtimizga qaytarish masalalari, noqonuniy migratsiya va boshqa yo'nalishlardagi ishlarning olib borilishi to'g'risida so'z yuritildi.
Z.Gadjiev so'nggi yillarda chet elda faoliyat olib borayotgan mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish va yashash sharoitlarini yaxshilash borasida mamlakatda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi. Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi va Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va yangi yo'nalishlarni qamrab olgan holda hamkorlik ko'lamini kengaytirish imkoniyatlariga urg'u berildi.
Xalqaro migratsiya tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha submintaqaviy muvofiqlashtiruvchisi o'z maktubida ana shu samimiy va samarali uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirgan. Uchrashuv chog'ida belgilab olingan o'zaro hamkorlik yo'nalishlari, shubhasiz, Xalqaro migratsiya tashkilotining dasturiy faoliyatida o'z aksini topishi va O'zbekiston uchun shakllantiriladigan loyihalarda hisobga olinishini qayd etgan.
Ma'lumki, O'zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida bir qator milliy, mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, O'zbekistonda joriy yilning "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e'lon qilingani munosabati bilan BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasi, shuningdek Inson huquqlari sohasida ta'lim va tarbiya deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan birga global forum o'tkazish taklif etilgani xalqaro ahamiyatga ega tashabbuslardir.
Xalqaro migratsiya tashkiloti rasmiy vakili o'z maktubida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etiladigan shu kabi xalqaro muloqotlar yo'nalishida o'zaro hamkorlikka tayyorligini mamnuniyat bilan ma'lum qilgan.
Z.Gadjiev Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi o'rtasida qaror topgan samarador va amaliy hamkorlik aloqalari hamda tomonlarning o'zaro munosabatlarni yanada kengaytirishga tayyorligi, o'z navbatida, mazkur xalqaro tashkilotning O'zbekistondagi dastur va loyihalarini har bir insonga farovonlik yetkazadigan darajada muvaffaqiyatli va natijador amalga oshirish uchun mustahkam asos bo'lib xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.03.2021
- Ko'rishlar: 4280
- Chop etish