Bugun, 17-noyabr kuni Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita aʼzolari, ekspertlar guruhi, bir qator vazirlik va idoralar masʼullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda “Og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonun 2021 yil 19 maydagi davlat rahbarining “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reablitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasiga tegishli o‘zgartirish kiritilmoqda. Yaʼni unda “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi” o‘rniga “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi”ni kiritish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunlarga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Taklif etilayotgan Qonun qabul qilinishi zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reablitatsiya qilishga oid belgilangan vazifa va funksiyalarning aniq va maqsadli bajarilishi hamda ijro intizomini taʼminlaydi. Qonunlarni qo‘llash amaliyotida noaniqliklar yuzaga kelishi holatining oldini oladi.
Bundan tashqari, majlisda qo‘mita tomonidan yengilsanoat va charmsanoat korxonalarida xotin-qizlar uchun qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratilganligi, mehnatiga munosib ish haqi to‘lanishi, mehnatni muhofaza qilinishi, mehnat munosabatlari bilan bog‘liq masalalarda ish beruvchilarning ijtimoiy masʼuliyati o‘rganilgani maʼlum qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda respublika yengil sanoat tizimida 7,4 mingdan ortiq korxonada 360 mingdan ziyod fuqarolar ishlaydi. Ularning 70 foizdan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etadi. Bunda 100 nafardan ortiq xotin-qizlar ishlovchi korxonalar soni 258 tani tashkil etmoqda. “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo 13 ta korxonada 50-100 nafar ayol faoliyat yuritmoqda.
Mazkur korxonalarda xodimlarni bepul oziq-ovqat bilan taʼminlash, talab darajasidagi mehnat sharoitlari yaratishga alohida ahamiyat qaratilgan.
Shunday bo‘lsada, yengilsanoat va charmsanoat tizimi korxonalarida ish beruvchilar tomonidan xotin-qizlar uchun qulay, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishda qonun hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, Mehnat kodeksi talablariga zid ravishda korxonada ish beruvchi va xodimlar o‘rtasida jamoa shartnomasi tuzilmagan. Uch yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollarni ishga qabul qilinishida sinov muddatini qo‘llash va ularga 1 soatga qisqartirilgan ish kunini belgilamaslik, o‘n ikki yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddat bilan haq to‘lanadigan qo‘shimcha taʼtil bermaslik holatlari kuzatilgan.
Shuningdek, xodimlarga ish davrida ularning xohishiga ko‘ra, yillik taʼtilning eng oz muddatidan (o‘n besh ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya to‘lanmaslik, jamoa shartnomalarida xodimlarga umumiy ish stajiga qarab ko‘shimcha taʼtillar berilishi belgilangan bo‘lsada, amalda ushbu taʼtillar berilmasligi va ichki mehnat tartib-intizomi qoidalari, lavozim yo‘riqnomalarni ishlab chiqmaslik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Yig‘ilishda aniqlangan shu va boshqa bir qator kamchiliklar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o‘z nuqtai nazarini bayon qilish uchun Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilishi lozim deb topildi. Mazkur parlament so‘rovini yuborish bo‘yicha yakuniy qaror Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida qabul qilinadi.
- Qo'shildi: 18.11.2021
- Ko'rishlar: 3471
- Chop etish