Xotin-qizlar uchun oliy ta’limdagi yangi imkoniyatlar

Jamiyatda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligi, ularning ta’lim va kasbiy rivojlanishdagi ishtiroki tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida ayollar uchun yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar mamlakatda gender tenglik siyosatining amaliy ko‘rinishidir.

Bugungi kunda o‘z sohasida katta tajribaga ega, biroq turli sabablarga ko‘ra oliy ma’lumot ololmagan ayollar uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochildi. Endilikda ular ham o‘z kasbiy faoliyatini ilmiy va akademik darajada davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Bugun yurtimizda o‘z kasbi, sohasi bo‘yicha tajribaga ega, biroq oliy ma’lumot ololmagan ayollar uchun eshiklar yanada keng ochilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlarda kamida 5 yil mehnat stajiga ega, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun to‘lov-kontrakt asosidagi qabul kvotasi 500 tadan 2,5 mingtagacha — 5 baravar oshirildi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining imtiyozli tavsiyanomasi asosida 3933 nafar xotin-qiz davlat granti, 845 nafari to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilindi.

 Joriy o‘quv yilida jami 200 ming 446 nafar xotin-qiz oliy ta’lim muassasalariga, shundan:

100 246 nafari — davlat OTMlariga,

92 451 nafari — nodavlat OTMlarga,

7 749 nafari — xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.

Mazkur tashabbuslar UNESCOning ta’lim sohasidagi maqsad va tamoyillariga to‘la mos keladi.

Bugun ayollarning oliy ta’limga kirish imkoniyatlari kengaygani nafaqat individual yutuq, balki butun jamiyat taraqqiyotining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ta’lim olgan ayol — bilimli ona, yetuk mutaxassis va faol fuqaro. Demak, oliy ta’limdagi bunday imkoniyatlar mamlakatning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy rivojiga bevosita hissa qo‘shadi. Yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim va ilm-fan sohasida faol ishtiroki o‘ziga xos o‘zgarishlar davrining belgisi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA

Powered by GSpeech