Yangi O'zbekiston: tibbiyot va inson manfaatlari

Kuni kecha Samarqand viloyatining Nurobod tumani Nurbuloq qishlog'ida Abu Ali Ibn Sino nomidagi sanatoriyning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbirda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi a'zolari, davlat va jamoat arboblari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Q.Rafiqov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti, senator B.Yo'ldoshev, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va boshqalar bu kabi zamonaviy sihatgohlarning tashkil etilishi yurtimizda inson manfaatlari yo'lida olib borilayotgan sa'y-harakatlarning natijasi ekanligini ta'kidladilar.

Akademik A.Saidov qayd etganidek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev o'z faoliyatining dastlabki davridanoq xalqimiz sog'ligi uchun qayg'urish vazifasini – Yangi O'zbekistonni bunyod etishning birlamchi omili sifatida kun tartibiga qo'ydi. Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda, xalq sog'ligi – eng muhim mezon, chunki aholisi sog'-salomat va bilimli davlatgina yangi Renessansga asos solishga qodir bo'ladi.

O'tgan yili, pandemiyaga qaramasdan, O'zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi sa'y-harakatlari bilan Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq shaharchasida “Oq kema” oromgohi va Surxondaryo viloyatida xuddi shunday shinam sanatoriy bunyod etilgandi.  Samarqand zaminidagi ushbu yangi va zamonaviy sanatoriyning Abu Ali ibn Sino nomida ekani zamirida muhim bir ezgu niyat o'z mujassamini topgan.

Bu ham bo'lsa, ushbu qutlug' nom – ikki yildan buyon butun yer yuzi aholisi qatori xalqimizni ham tashvishu azoblarga solib kelayotgan koronavirus dardidan tezroq hamda imkon qadar kamroq ziyon bilan qutilish istagimizning o'ziga xos ramziy ifodasidir.

Nurbuloq qishlog'ida inson harakat-tayanch a'zolari xastaliklarini davolashga mo'ljallangan, shifobaxsh rodon suvi mavjud, deyiladi O'zA xabarida. Keyingi yillarda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tizimda yangi dam olish maskanlari tashkil etish, mavjudlarini bugungi kun talablariga moslashtirishga alohida e'tibor qaratila boshlandi. 

Ana shu e'tibor tufayli Nurbuloqdagi sanatoriyning 108 o'ringa mo'ljallangan, besh qavatdan iborat yangi binosi bunyod etildi. Buning uchun O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hisobidan 50 milliard so'm mablag' sarflandi.  

Marosimda sanatoriyga kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan avtobus sovg'a qilindi. Yangi sanoatoriyning dastlabki yuz nafar dam oluvchisi yurtimizning turli hududlarida yashovchi mehnat faxriylari, faollar, jamoatchilik vakillari bo'ldi. Ularga bepul yo'llanma berilib, bu yerda 10 kun davomida salomatligini tiklashlari uchun imkoniyat yaratildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech