O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov Yevropa Parlamentining Markaziy Osiyo va Mo'g'uliston bilan aloqalar bo'yicha delegatsiyasi rahbari Fulvio Martushello bilan uchrashdi.
Tadbir avvalida mehmonlarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati, parlament quyi palatasi fraktsiyalari va qo'mitalari ish uslubi xususida batafsil ma'lumot berildi. Shuningdek yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilib, hayotga samarali tadbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida so'zlab berildi.
Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda O'zbekiston va YEI o'rtasidagi parlamentlararo hamkorlik jadallashgani kuzatilyapti. Tomonlar muntazam ravishda uchrashuvlar o'tkazib kelmoqda. 2011-2018 yillarda mamlakatimizga Yevropadan qator parlamentariylar tashrifi amalga oshirildi. Yevropa parlamentining Xalqaro ishlar bo'yicha qo'mitasi, Markaziy Osiyo va Mo'g'uliston bilan aloqalar bo'yicha delegatsiyasi, Yevropa xalq partiyasi fraktsiyasi va boshqa delegatsiyalar shular jumlasidan.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko'maklashish maqsadida O'zbekiston Respublikasining YEI huzuridagi vakolatxonasi rahbari tomonidan Yevropa parlamenti rahbariyati va a'zolari, Yevropa parlamentining Tashqi ishlar bo'yicha qo'mitasi, Xalqaro savdo bo'yicha qo'mitasi, Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasi, Xavfsizlik va mudofaa masalalari bo'yicha kichik qo'mitasi, asosiy siyosiy guruhlar (fraktsiyalar), shuningdek Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo'g'uliston bilan aloqalar bo'yicha delegatsiyasi vakillari bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o'tkazilmoqda.
Bu galgi muloqotda parlament delegatsiyalari almashinuvini faollashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida hamkorlik qilish, qonunchilik hujjatlari, axborot-tahliliy materiallar almashinuvini yo'lga qo'yish masalalari ham kelishib olindi.
Manba: O'zA
- Qo'shildi: 29.03.2021
- Ko'rishlar: 4224
- Chop etish