YEXHT DIIHBning Insoniylik mezonlari bo'yicha yig'ilishi bo'ldi

26-27 aprel kunlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosining (DIIHB) Insoniylik mezonlari bo'yicha ikkinchi qo'shimcha yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tadbir “Demokratik qonun ijodkorligi: tomonlar ishtirokini ta'minlash” mavzusida tashkil etildi.

Ushbu anjumanni o'tkazishdan maqsad – YEXHTga a'zo davlatlar, Tashkilot institutlari, xalqaro tuzilmalar, fuqarolik jamiyati va boshqa tomonlar ishtirokida ochiq, shaffof hamda inklyuziv konun ijodkorligi, korruptsiyaga karshi kurash, qonunchilikda gender tenglik, qarorlar qabul qilishda raqamlashtirish, qonunlarning inson huquqlariga mos kelishi masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Tadbir tashkilotchilari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisining Shvetsiyadagi ofisi va YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi hisoblanadi.

Yig'ilishda YeXHTga a'zo 57 ta davlatning parlamentlari vakillari, hamkor xalqaro tashkilotlar, a'zo davlatlarning nohukumat tashkilotlari, YeXHTning davlatlardagi vakolatxonalari mas'ullari hamda xalqaro ekspertlardan iborat 200 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Tadbir ikki kunlik sessiya doirasida bo'lib o'tdi.

Yig'ilishning ochilishida Shvetsiya tashqi ishlar vazirligi mas'uli, Demokratiya va qonun ustuvorligi, inson huquqlari bo'yicha maxsus elchi Annika Ben Xonim, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi direktori Matteo Mekachchi va YeXHT Parlament Assambleyasi Prezidenti Simona Granata-Mengxini so'zga chiqdi.

YeXHT DIIHB direktori Matteo Mekachchi nutqida YEXHTga a'zo mamlakatlar o'z zimmasiga olgan majburiyatlarning bajarilishi, jamiyatda murosasizlik, kamsitish, inson huquqlari buzilishi va boshqa masalalar bilan bog'liq mavjud muammolar haqida ma'lumot berdi.

YeXHT Parlament Assambleyasi Prezidenti Simona Granata-Mengxini ta'kidlaganidek, "Qonun ustuvorligi demokratiyani qo'llab-quvvatlaydi, davlat hokimiyatiga ega bo'lganlarning mas'uliyatini belgilaydi va u inson huquqlarini hurmat hamda zavq bilan ta'minlash uchun asos bo'lib xizmat qilishi kerak”.

Bugungi kunda qonunchilik odamlarning kundalik hayoti, huquqlari va turmush sharoitiga chuqur ta'sir ko'rsatayotgani uchun qonunchilikni ishlab chiqish jarayonini takomillashtirish juda muhimdir. Qonunlar tayyorlanadigan, muhokama etiladigan va qabul qilinadigan barcha tizimlar, shuningdek ularning mazmun-mohiyati qonun ustuvorligiga mos kelishi kerak.

Sessiyaning birinchi kunida “Ochiq va inklyuziv qonun ijodkorligi” mavzusi doirasida Frantsiya Davlat kengashining maslahatchisi Iv Dutrio, YEXHT amaldagi Raisining Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha maxsus vakili Anita Ramasatri hamda YEXHTga a'zo davlatlarning nohukumat tashkilotlari vaillari va ko'plab huquq himoyachilari so'zga chiqdilar.

Tadbirning ochiq va erkin o'tayotganidan mamnun bo'lgan YeXHTga a'zo davlatlarning nohukumat tashkilotlari vaillari hamda huquq himoyachilari o'z mamlakatlarida qonun ijodkorligi va korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi mavjud muammolar to'g'risida yig'ilish ishtirokchilariga ma'lumot berdilar.

Yig'ilishning ikkinchi kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidovning “O'zbekiston parlamenti: qonunchilik faoliyatidagi yangi tendentsiyalar” mavzusidagi nutqi bilan boshlandi.

Akmal Saidov o'z nutqida yig'ilish ishtirokchilariga O'zbekiston Parlamentida so'nggi yillarda amalga oshirilgan yangicha yondashuvlar va islohotlar to'g'risida ma'lumot berdi. Jumladan, pandemiya sharoitida qonun ijodkorligi, unda parlament nazoratini kengaytirish hamda qonun ijodkorligida jamiyatning o'rni va xalqaro hamkorlik sohalaridagi o'zgarishlar va standartlar haqida so'z yuritdi.

Ushbu mavzu doirasida Ukraina parlamenti a'zosi Viktoriya Podgorna, Xalqaro taraqqiyot huquqi tashkilotining tadqiqot va ta'lim bo'yicha direktori Ilaria Bottiglero o'zlarining o'z tajriba va amaliyotlari haqida so'zlab berishdi.

YeXHT DIIHB Qonunchilikni ta'minlash bo'limi boshlig'i Konstantin Vardzelashvilining moderatorligida “Qonun ijodkorligidagi imkoniyatlar va so'nggi muammolar” mavzusida muhokamalar o'tkazildi. Ushbu muloqotlar asnosida YeXHTga a'zo davlatlarning nohukumat tashkilotlari vakillari, huquq himoyachilari va rasmiy vakillar o'rtasida qizg'in muhokamalar bo'lib o'tdi.

Shuningdek, yig'ilishning 3-sessiyasida “Jamiyat ishtiroki va raqamli makon” mavzusi doirasida muhokamalar bo'ldi. Unda Latviya Parlamenti a'zosi Inisa Voika, Parlamentlararo Ittifoqning katta ilmiy hodimi Andi Uilimson, “Transparency International Georgia” Ijrochi direktori Eka Gigauri bugungi texnologiyalar taraqqiy etgan rivojlangan dunyoda qonun ijodkorligi va korruptsiyaga qarshi kurashishda jamiyatning ishtiroki va raqamli makonni tashkil etish borasidagi ilg'or tajriba, jahonnig eng maqbul standartlari va ko'nikmalari to'g'risida zarur ma'lumotlarni taqdim etishdi.

Sessiya yakunida YeXHT DIIHB Direktorining birinchi o'rinbosari Katarjina Gardapxadze, YeXHT Raisining Doimiy vakili o'rinbosari Tobeas Lorenson ikki kunlik yig'ilishda qizg'in muhokama etilgan mavzular, ko'tarilgan muammolar yechimi bo'yicha berilgan takliflar yuzasidan tez orada YeXHTning tavsiyalari va foydali ko'rsatmalari ishlab chiqilishini ta'kidladi. Ushbu tavsiyalar tadbirning norasmiy ishtirokchilariga ham yetkazilishi qayd etildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech