Mamlakatning ertangi kuni yoshlarning ta'lim-tarbiyasi, salohiyati bilan uzviy bog'liq.
Shu ma'noda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarning ta'lim-tarbiyasi, istiqboliga bevosita daxldor tashabbuslar hayotga faol joriy etilmoqda. Ayni paytda ular xalqaro miqyosda ham o'zining yuksak e'tirofini topmoqda.
Bugun poytaxtimizda tashkil etilayotgan Yoshlar huquqlari bo'yicha jahon konferentsiyasi ham bunga yana bir yorqin misoldir. Ushbu xalqaro anjuman O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlangan tashabbusi asosida tashkil etilmoqda.
Yoshlar huquqlari bo'yicha jahon konferentsiyasi “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuiga bag'ishlanadi. Unda 30 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 500 dan ziyod vakil qatnashishi ko'zda tutilgan.
Darhaqiqat, Prezidentimizning xalqimiz, ayniqsa, yoshlar huquq va manfaatlari, kelajagi yo'lidagi ilg'ori tashabbuslari, dolzarb masalalarni hal etishga oid g'oyalari xalqaro miqyosdagi minbarlardan ko'p marta baralla yangragan, jahoniy e'tirof topgan.
Hozirgi vaqtda O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbus asosida BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ishlab chiqish jarayoni izchil davom etmoqda.
Toshkent anjumani doirasida "SOVID-19" pandemiyasi yoshlarning zaif guruhlariga ta'sir o'tkazayotgan hozirgi sharoitda navqiron avlodning o'z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtiroki; yoshlarning sifatli ta'lim olish va ishlab chiqarishda band bo'lishga taalluqli imkoniyatlarini rag'batlantirish chora-tadbirlari, yoshlarning o'z hayot tarziga ta'sir o'tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar atroflicha ko'rib chiqiladi. Shu bilan birga yoshlarning huquqlarini himoyalash va qo'llab-quvvatlash uchun mavjud xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish istiqbollari muhokama etiladi. Bunda barcha navqiron insonlar o'z huquqlaridan to'la-to'kis, hech qanday kamsitishlarsiz foydalanishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi.
N.Usmonova, O'zA
- Qo'shildi: 12.08.2021
- Ko'rishlar: 3818
- Chop etish