Yoshlar va saylov mavzuidagi yangi nashr

Toshkentda “Yoshlar va saylov: elektoral madaniyatni oshirishning dolzarb masalalari” nomli to‘plam chop etildi. Yangi nashrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Konrad Adenauer nomidagi fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda ayni mavzuda tashkil etilgan xalqaro konferensiya materiallari jamlangan.

Kitobga, dastavval, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidovning “Saylov qonunchiligining rivojlanish bosqichlari” nomli maqolasi kiritilgan.

Maqolada  saylov  qonunchiligi,  uning  rivojlanish  bosqichlari  va o‘ziga xos eng muhim xususiyatlari hamda jamiyat va davlat hayotidagi, mamlakat va  xalqning  kelajak  taqdiridagi  o‘rni  va  roli,  saylov  qonunchiligiga  kiritilgan o‘zgartishlarning mohiyati va ahamiyati, shuningdek har bir fuqaro – saylovchiga o‘z konstitutsiyaviy saylov huquqini amalga oshirish uchun yaratilgan teng va keng imkoniyatlarning qonuniy asoslari huquqiy va ilmiy jihatdan chuqur yoritilgan.

To‘plamdan joy olgan maqolalarda parlament, jamoat tashkilotlari, vakolatli davlat  organlari,  qonun  ijodkorligi  sub’ektlari,  milliy  va  xorijiy  olimlar  hamda huquqni qo‘llash amaliyoti vakillari fikrlari asosida yoshlarning siyosiy ongi va elektoral madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda yoshlarning faolligini yanada kuchaytirish va elektoral  madaniyatini oshirish borasidagi mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishning  zamonaviy  va  xorijiy  texnologiyalardan  foydalanishga  qaratilgan  ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar bayon etilgan.

To‘plam O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, Oliy Majlis palatalari apparati xodimlari, saylov huquqi va jarayonlari bo‘yicha ilmiy izlanuvchilar, oliy yuridik o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ushbu masalalarga qiziquvchi mutaxassis va jamoatchilik vakillari uchun mo‘ljallangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech