O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha Strategiya tasdiqlandi

O‘zbekistonda 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish bo‘yicha Strategiya va Harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Mazkur hujjat Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning amaliy va tizimli ijrosini ta’minlash, shuningdek bolalarning xavfsizligi va qo‘llab-quvvatlanishini kafolatlaydigan barqaror mexanizmni shakllantirishga qaratilgan.

Strategiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarini bajarish doirasidagi muhim qadamlardan biridir. “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingach, O‘zbekiston Bogota chaqirig‘iga qo‘shildi hamda Pathfinding xalqaro alyansiga a’zo bo‘ldi. Bu esa mamlakatning bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan mutlaqo murosasiz pozitsiyasini tasdiqlaydi.

Strategiya zo‘ravonlikning barcha shakllarini qamrab oladi hamda INSPIRE xalqaro yondashuvlariga, ilg‘or jahon tajribasi va eng yaxshi amaliyotlarga asoslanadi. Hujjat ishlarning to‘liq jarayonni — zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, tezkor javob choralarini ko‘rish, profilaktika va monitoringni o‘z ichiga oladi.

"Bugungi kun men va jamoam uchun alohida ahamiyatga ega. Prezidentimiz tomonidan «2026–2030-yillarda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi Farmon imzolandi. Ushbu hujjat ustida jamoamiz bilan katta va mas’uliyatli ish amalga oshirildi. Bolalarni ishonchli tarzda himoya qiladigan samarali tizimni shakllantirish maqsadida jahon tajribasi va eng ilg‘or amaliyotlar chuqur o‘rganildi.

2026-yildan boshlab professional tutingan oilalar bilan ish boshlanadi. Bolalar psixologlar va huquqshunoslar yordamini olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar, oilalar esa zarur ko‘mak va oilaviy terapiya xizmatlari bilan ta’minlanadi. Oilani parchalash emas, balki uni qo‘llab-quvvatlash va qayta tiklanishiga yordam berish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini to‘liq yopish bo‘yicha qat’iy qaror qabul qilindi. Ularning o‘rnida antiijtimoiy xulq-atvorga ega bolalar uchun ijtimoiy integratsiya markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlarda asosiy e’tibor jazolashga emas, balki bolalarni jamiyatga moslashtirish va sog‘lom hayotga qaytarishga qaratilgan bo‘ladi.

Men uchun eng ahamiyatli o‘zgarishlardan biri, shubhasiz, qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlardir. Tergov va sud jarayonlari jabr ko‘rgan bola uchun qo‘rquv yoki og‘riq manbaiga aylanmasligi kerak.

Bu keng ko‘lamli islohotlarning faqat bir qismi. Ushbu muhim va mas’uliyatli vazifani amalga oshirishda hissa qo‘shgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi jamoasiga hamda barcha hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman" - Shahnoza Mirziyoyeva.

Strategiyada oilalarni qo‘llab-quvvatlash, zo‘ravonlik oqibatida oilasidan ajratilgan bolalarga oilaviy muhitga maksimal darajada yaqin sharoitda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish, shuningdek bola va oila учун ijtimoiy xizmatlar tizimini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Strategiyaning prinsipial muhim jihatlaridan biri — idoralararo hamkorlikdir. Bolalarni himoya qilish masalasi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa idoralar tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi muvofiqlashtiruvchi roli ostida birgalikda amalga oshiriladigan umumiy mas’uliyat sifatida qaraladi.

Hujjatda zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash hamda reabilitatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Yangi ijtimoiy va reabilitatsion xizmatlar joriy etiladi, oilani mustahkamlash va ijobiy ota-onalikni rivojlantirish bo‘yicha choralar kuchaytiriladi. Shuningdek, “Mehrli oila” xizmati, professional qabul qiluvchi (foster) oila instituti joriy etiladi hamda kam sonli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.

Strategiya jinoyat, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya va ma’muriy qonunchilikka kompleks o‘zgartirishlar kiritilishini ham nazarda tutadi. Ushbu o‘zgartirishlarning asosiy maqsadi — tergov va sud jarayonlarining barcha bosqichlarida bolani himoya qilish hamda bolaga do‘stona adliya tamoyillarini joriy etishdir.

Zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lgan bolalar uchun dastlabki tergov harakatlaridan boshlab bepul yuridik yordam ta’minlanadi. Agar zo‘ravonlik bola oilasida sodir etilgan bo‘lsa, ishni sudgacha ko‘rib chiqish va sud muhokamasi jarayonlarida vasiylik va homiylik organi vakilining barcha protsessual harakatlarda majburiy ishtiroki ta’minlanadi. Shuningdek, bolaning manfaatlarini himoya qilish maqsadida surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida ijtimoiy xodim protsess ishtirokchisi sifatida jalb etiladi. Bola va zo‘ravon o‘rtasidagi yuzlashtirish faqat tergovchi va prokuror qarori yoki sud ajrimi asosida o‘tkaziladi. Bolaning ko‘rsatmalari takroriy jabrlanishning oldini olish maqsadida majburiy videoyozuvga olinadi.

Strategiyaning alohida bo‘limi devиant va antisotsial xulq-atvorga ega bolalar bilan ishlashga bag‘ishlangan. Respublika o‘quv-tarbiyaviy muassasalari ilgari yopilgan bo‘lib, ularning o‘rniga ijtimoiy integratsiya va qo‘llab-quvvatlash markazlari, shuningdek kam sonli ijtimoiy yordam markazlari tashkil etilmoqda. Bundan tashqari, ushbu bolalarning sifatli ta’lim olish huquqini ta’minlash maqsadida ular yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan ta’lim muassasalari soni 258 taga yetkazilmoqda.

Tezkor javob choralarini ko‘rish va axborot almashinuvi samaradorligini oshirish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralar axborot tizimlarini integratsiya qilish ko‘zda tutilgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan tortib kollejlarigacha bo‘lgan barcha ta’lim muassasalarida “xavfsiz maktab” konsepsiyasi joriy etiladi, shuningdek bulling va raqamli zo‘ravonlikka qarshi choralar kuchaytiriladi.

Bundan tashqari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya sohasida faoliyat yurituvchi xodimlar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini yashirish yoki ular haqida xabar bermaslik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi taklif etilmoqda.

Qabul qilingan Strategiya real holatlar, tadqiqotlar va amaliy tajriba tahliliga asoslangan bo‘lib, har bir bolaning huquqlari va farovonligini ta’minlashga qaratilgan izchil va tizimli islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech