IHT komissiyasiga yangi saylangan a’zolarning qasamyod marosimi bo‘ldi

24-sentyabr kuni Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining yangi saylangan a’zolari tantanali ravishda qasamyod qildilar. Marosim muqaddas Qur’oni karim oyatlari tilovati bilan boshlandi.

Onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan marosimning ochilish qismida IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining Vitse-prezidenti Saidou Dogon Guyda hamda Komissiya Bosh direktori Hadi Ali Alyamiy nutq so‘zladi. Ular yangi saylangan a’zolarni samimiy tabriklab, ularning faoliyati Komissiyaning inson huquqlari sohasidagi vazifalarini bajarish va islom olamida adolat, insoniylik hamda qonuniylik tamoyillarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng qasamyod marosimi o‘tkazilib, IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining sakkiz nafar yangi a’zosi o‘z vakolatlariga rasman kirishdilar. Komissiya yangi a’zolari orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari, professor Mirzatillo Tillaboyev ham bor. Milliy markaz vakilining mazkur Komissiyaga a’zoligi O‘zbekistonning xalqaro maydonda inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish borasidagi faol ishtiroki hamda nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Marosim yakunida Komissiya Bosh direktori ishtirokchilarga minnatdorlik izhor etib, yangi a’zolarning o‘z mas’uliyatli vazifalarini sidqidildan bajarishlariga ishonch bildirdi. Tadbir Komissiya Vitse-prezidentining yakuniy nutqi bilan yopildi.

Ushbu qasamyod marosimi IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasining yangi a’zolari o‘z vakolatlarini boshlaganini anglatadi. Bunda, shuningdek, inson huquqlari sohasida adolat va erkinlik tamoyillarini yuksaltirishga qaratilgan faoliyatning yangi bosqichi belgilab berildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston vakili joriy yilning 21–22-iyun kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan muddatga IHT Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi a’zoligiga saylandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech