INSON QADR-QIMMATINI HIMOYA QILISHNING MUHIM KAFOLATI

26-iyun – Qiynoq qurbonlarini

qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni

 

Inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish zamonaviy xalqaro huquqning asosiy tamoyillaridan hisoblanadi. Inson sha’ni, qadr-qimmati va erkinliklarini hurmat qilish demokratik davlat va adolatli jamiyatning muhim belgisidir.

Biroq tarix va bugungi voqelik shuni ko‘rsatmoqdaki, dunyoda hali ham qiynoq, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat va jazo holatlari uchrab turibdi. Shu bois xalqaro hamjamiyat qiynoqlarning har qanday shakliga barham berishni o‘zining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilagan.

Shu maqsadda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1997-yili qabul qilingan rezolyutsiya asosida 26-iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qilindi. Ushbu kun har yili butun dunyoda qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish, ularni butunlay yo‘q qilish va ushbu jinoyatdan jabr ko‘rgan insonlarga tibbiy, psixologik hamda huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida nishonlanadi.

Mazkur sana nafaqat qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash, balki davlatlar va jamiyat e’tiborini inson huquqlarining ushbu o‘ta muhim masalasiga qaratishga xizmat qiladi. Avvalo, bu sananing tanlanishi bejiz emas.

Aynan shu sanada, 1987-yilda Qiynoqlarga hamda boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlariga qarshi konvensiya kuchga kirgan. Mazkur xalqaro shartnoma qiynoqlarga qarshi kurash sohasidagi eng muhim universal huquqiy hujjat hisoblanadi. Bugungi kunda Konvensiya dunyoning 170 dan ortiq davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan bo‘lib, mamlakatimiz ham uning to‘laqonli ishtirokchisi hisoblanadi.

Konvensiyaning 1-moddasiga ko‘ra, qiynoq deganda – ma’lumot olish, iqrorlikka majburlash, jazolash, qo‘rqitish yoki kamsitish maqsadida davlat mansabdori yoki uning roziligi bilan shaxsga qasddan kuchli jismoniy yoki ruhiy azob yetkazish tushuniladi.

Konvensiyada ishtirokchi davlatlarga qiynoqni milliy qonunchilikda jinoyat sifatida belgilash, qiynoq holatlarini tezkor, xolis va samarali tergov qilish,  aybdorlarni javobgarlikka tortish,  qiynoq qurbonlariga kompensatsiya va reabilitatsiya berish hamda qiynoq sodir etilishi xavfi mavjud bo‘lgan davlatlarga shaxslarni ekstraditsiya qilmaslik yoki qaytarmaslik chorasini ko‘rish kabi bir qator majburiyatlar yuklangan.

Qiynoq qurbonlari ko‘pincha og‘ir jismoniy va psixologik oqibatlarga duch keladi. Bunday holat insonning nafaqat sog‘lig‘iga, balki oilaviy hayoti, mehnat faoliyati va jamiyatdagi ijtimoiy mavqeiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu borada BMTning Qiynoq qurbonlari uchun 1981-yilda ta’sis etilgan ixtiyoriy jamg‘armasi har yili 50 mingdan ortiq qurbon va ularning oila a’zolariga bevosita yordam ko‘rsatish imkonini beradi. Uning mablag‘lari a’zo davlatlar, xususiy sektor va alohida shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan shakllanadi.

Qiynoq har qanday jamiyatda mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan hodisa. Uning oldini olish davlatlar, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining umumiy vazifasidir.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson huquqlarini ta’minlash, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda qiynoqlarning oldini olish sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy qonunchilik xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilib, qiynoq uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoki jazoga duchor etilishi mumkin emas”, degan norma qat’iy mustahkamlab qo‘yildi.

Shuningdek, shaxsning aybi faqat qonunga muvofiq isbotlangan taqdirdagina tan olinishi, e’tirof ko‘rsatmalari yagona dalil sifatida qabul qilinmasligi, shaxsni sud qarorisiz uzoq muddat ushlab turish mumkin emasligi kabi muhim kafolatlar belgilandi. Qiynoq holatlarini tergov qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish maqsadida sud-huquq tizimida shaffoflikni oshirish, advokatlar va jamoat nazoratini kuchaytirishga e’tibor qaratildi.

Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 26-iyunda “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” hamda 2023-yil 7-fevralida “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlar qabul qilingani muhim ahamiyatga ega. Ushbu huquqiy hujjatlar yurtimizda inson huquqlarini ta’minlash, qiynoq va boshqa shafqatsiz munosabatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni tubdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qildi.

 Ayni sohada qabul qilingan qator hujjatlar ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bir qator davlat organlari bilan hamkorlikda tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bunda asosiy e’tibor  huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy malakasini muntazam oshirish, ularda qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala holatlarining oldini olishga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek, inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish madaniyatini yuksaltirish  masalalariga qaratilmoqda.

Muxtasar aytganda, Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni doirasida mamlakatimizda har yili 26-iyun kuni davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar ishtirokida davra suhbatlari, konferensiyalar va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Ushbu tadbirlarda qiynoqqa qarshi kurashda jamoatchilik xabardorligini oshirish, qurbonlarga bepul huquqiy va ruhiy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilinadi.

Binobarin, Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni insoniyat uchun nafaqat eslatish, balki amaliy harakatga chorlov hamdir. Har bir inson qiynoqsiz yashash huquqiga ega va bu huquqni himoya qilish barchamizning birgalikdagi burchimiz hamda mas’uliyatimiz hisoblanadi.

 

 

Dildora Ahmedova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech