Yangi O‘zbekistonda jurnalistika – e’zozli kasb, jurnalist – xalqimiz va Vatanimiz fidoyisi

Jurnalistlik kasbining noni qattiq, ammo mehnati va uning ortidan topadigan rizqi halol, deyilishi bejiz emas. Chunki “nonning qattiqligi” – bu kasb sohiblari doimo jamiyat xizmatida ekanini, demakki har bitta inson haq-huquqlaridan to butun xalqimizning manfaatlari himoyasigacha bo‘lgan beqiyos ko‘lamdagi ulkan mas’uliyat yuki ularning zimmasida ekanini anglatadi.

O‘z navbatida, “halol rizq” iborasi – jurnalistlarning qonuniy va toza yo‘llar bilan, birovning haqqiga tajovuz qilmasdan topilgan moddiy va ma’naviy ne’matlarga qanoatlanadigan to‘g‘ri hayot tarzining muxtasar  ifodasidir.

Nega deganda, to‘g‘rilik va haqqoniylik, adolatli mehnat, ya’ni peshona teri, bilim va halol xizmat evaziga topilgan daromad, ro‘zg‘ordagi qut-baraka va farovonlik, jamiyatdagi izzat-hurmat va obro‘-e’tibor – halol rizqning bosh shartlari hisoblanadi. Bularning barchasi esa jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlarining kundalik hayot tarziga uyg‘un hamda chambarchas bog‘liq mezonlarga kiradi.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbari «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni 2026-yil 22-iyunda – aynan ushbu soha namoyandalarining kasb bayrami arafasida imzolaganida o‘ziga xos ramziy ishorat bor. Illo, jurnalistlar rizqni harom qiluvchi katta gunohlardan, birinchi navbatda, poraxo‘rlik va korrupsiyadan, sodda qilib aytganda, nohaq yo‘l bilan mablag‘ yoki mavqega ega bo‘lish illati domiga tushib qolishdan o‘zlarini ham, o‘zgalarni ham asrab-avaylashga ma’naviy burchlidir.

Yangi Qonun mamlakatimizda huquqiy davlat asoslarini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilish hamda davlat boshqaruvi va iqtisodiy sohada qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lidagi strategik ahamiyatga ega hujjat hisoblanadi. Qonun bilan 3 ta Kodeks va 5 ta Qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Birinchidan, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladigan bo‘ldi. Reyestrga kiritilgan shaxslarga qator cheklovlar belgilanib, ular jumladan davlat xizmatiga kirishi, saylanadigan lavozimlarga nomzodini ko‘rsatishi, davlat xaridlarida qatnashishi taqiqlandi.

Ikkinchidan, Jinoyat kodeksida “korrupsiyaga oid jinoyatlar” tushunchasiga ta’rif berilib, unga 18 turdagi jinoyatlar kirishi belgilandi.

Uchinchidan, huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega yangi institut – komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining qonuniy asoslari yaratildi. Ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari qonun bilan o‘rnatildi.

To‘rtinchidan, Qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashishda eng quyi maishiy korrupsiyadan tortib, yuqori darajadagi mansabdor shaxslar orasidagi jinoyatchilikka qarshi amaliy mexanizmlar belgilandi.

Beshinchidan, komplayens tuzilmalarning mustaqil va ta’sirchan ishlashini ta’minlash uchun ushbu bo‘linmalar xodimlarining xavfsizlik kafolatlari o‘rnatildi.

Oltinchidan, komplayens tuzilmalari barcha davlat organlarida tashkil etiladi. Shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini olib boruvchi tuzilmalarning o‘zida ham komplayens-nazorati tizimi olib boriladi.

Yettinchidan, komplayens tuzilmalarining butun faoliyati Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati tomonidan muvofiqlashtiriladi. Boshqacha aytganda, endilikda korrupsiyaga qarshi tarqoq holda kurashish emas, yagona tizim asosida yaxlit tuzilma sifatida ish olib boriladi.

Sakkizinchidan, 5 turdagi korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish qoidalari qo‘llanilmasligi belgilandi. Bu o‘rinda: o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish; firibgarlik uchun hukm qilingan va yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplamaganlik;  takroran yoki xavfli retsidivist bo‘la turib yoxud juda ko‘p miqdorda pora olish; pora berish; pora olish-berishda vositachilik qilish jinoyatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan yuqoridagi yengilliklar qo‘llanilmasligi haqida so‘z bormoqda.

To‘qqizinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi zimmasiga har bir davlat organi va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini shakllantirish vazifasi yuklatildi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha jinoyatchilik statistikasi, amaliyot tahlili, aholining munosabati, korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati samaradorligi kabi ma’lumotlar aks ettiriladi.

O‘ninchidan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash, hududiy kengashlarning maqomi va vazifalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga  8 ta yangi vazifa belgilandi. Shu tariqa mamlakatimizda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bo‘yicha ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish kabi ustuvor vazifalar qonuniy asosda mustahkamlandi.

Jurnalistlarning ushbu Qonun talablarini hayotga keng va to‘liq tatbiq etishdagi ishtiroki bevosita va bilvosita miqyoslarda faol namoyon bo‘lishi farzu qarzdir. Negaki, jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari va ular mansub bo‘lgan fuqarolik jamiyati korrupsiyaga qarshi kurashda nazoratchi, fosh etuvchi va jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi asosiy kuch hisoblanadi.

Aynan shu katta ijtimoiy kuch-qudrat davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga yaqindan ko‘maklashadi. Gap shundaki, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari jurnalist surishtiruvi o‘tkazish huquqiga ega. Shu yo‘l bilan yashirin korrupsiyaviy sxemalar, manfaatlar to‘qnashuvi va byudjet mablag‘larining talon-toroj qilinishi aniqlanib, ommaga oshkor qilinadi.

Bunda, ayniqsa, ularning axborot tarqatish faoliyati alohida o‘rin tutadi. Jamiyatning korrupsiya holatlari haqidagi tezkor va xolis axborot bilan ta’minlanishi, shubhasiz, bunday holatlarga barham berish va jazo muqarrarligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Tabiiyki, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari tomonidan axborot makonida tegishli muhit yaratilishi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Bunday muhit korrupsiyaga nisbatan jamiyatda "murosasizlik" hissini va salbiy ijtimoiy fikrni shakllantiradi.

Qolaversa, ommaviy axborot vositalari jamiyat vakillariga erkin fikr bildirish uchun platforma taqdim etadi. Boshqacha aytganda, OAV fuqarolarga o‘z haq-huquqlarini talab qilish va qonunbuzarliklar haqida xabar berish uchun minbar vazifasini o‘taydi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash – rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir». Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasida ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri sifatida konstitutsiyaviy maqomga egaligi kafolatlab qo‘yilganini ta’kidlash lozim.

Binobarin, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlari, jamiyat faollari va blogerlar qatori jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Ya’ni, ular davlat xaridlari, byudjet sarflanishi va qonun loyihalari ustidan mustaqil monitoring yuritadi.

Shuningdek, jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining huquqiy savodxonlik borasidagi faoliyati aholining huquqiy bilimlari oshishi va poraxo‘rlikka qarshi turish ko‘nikmalari shakllanishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ular korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalarni soddalashtirish va raqamlashtirish bo‘yicha hukumatga tavsiyalar kiritish hamda korrupsiya haqida xabar bergan shaxslar va jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilish ishlariga ham munosib hissa qo‘shadi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 21-moddasiga ko‘ra, “Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart”.

Inson, xalq, davlat manfaatlariga putur yetkazmaslik, demakki manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik – har kimning insoniy fazilatlari, xususan, halolligi bilan bevosita bog‘liq. Halol kishi xiyonat, g‘irromlik kabi illatlardan xoli bo‘lib, u to‘g‘ri va halol, pokiza va vijdonan yashaydi, birovlarning haqiga zarracha ham xiyonat qilmaydi. Bunday insonlar halol bilan haromni farqlaydi, faqat o‘z mehnati evaziga tirikchilik qiladi, harom-xarishdan jirkanadi, haromxo‘rlikni gunohi azim va axloqsizlik deb biladi.

Halollikning ziddi – korrupsiya illatidir. Zero, “korrupsiyaga qarshi madaniyat” shakllanmagan jamiyatda adolatsizlik va jinoyatlar odat tusiga aylanadi. Shu sababli ham har bir demokratik davlat o‘z rivojlanish konsepsiyasida ushbu illatga qarshi kurashishga qaratilgan choralarni ko‘zda tutadi. Jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari bu borada jamiyat va davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikdir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech