“Yuksalish” umummilliy harakati Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz bilan hamkorlikda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini muhokama qilish maqsadida turli soha vakillari bilan turkum muloqotlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘ydi. Ilk muloqot 7 yanvar kuni fuqarolik jamiyati institutlarining yuzga yaqin xodimlari va faollarini oflayn va onlayn formatda jamladi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov ochib berib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasinining muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasini 2017–2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident qarorlari qabul qilindi. Shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
“Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisod tarmoqlarini transformatsiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarin so‘zsiz ta’minlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish davom etmoqda. Fuqarolarga o‘z taklif va mulohazalarini regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2022-2026.strategy.uz elektron platformalari orqali yozib qoldirish imkoniyatlari yaratilgan.
Muloqot mobaynida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish orqali insonparvar davlat barpo etish hamda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish jihatlari muhokama qilindi. Xususan, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasida ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish nazarda tutilganiga to‘xtalib o‘tildi. Bunda quyidagilar taklif etilmoqda: jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, xalq deputatlari Kengashlari huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlariga ajratilayotgan mablag‘lar hajmini 7 barobarga oshirish.
Muloqot ishtirokchilari ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, aholining ijtimoiy-siyosiy faolligini va saylov madaniyatini oshirish, saylovlarga oid xalqaro standartlarni qonunchilikka implementatsiya qilish ishlarini davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Ularning fikricha, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish o‘z samarasini beradi. Shuningdek, ijtimoiy sheriklikning samarasini, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qo‘llab-quvvatlash hajmini oshirish yuzasidan berilayotgan takliflar yuzasidan fikr almashindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.
- Qo'shildi: 08.01.2022
- Ko'rishlar: 3242
- Chop etish